Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1995 marta o'qildi

O‘zbekistonda shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglament tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, davlat xizmati YaIDXP orqali Kambagallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladi. 

Ariza beruvchi YaIDXP orqali anketani to‘ldiradi, u avtomatik ravishda doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi mahalliy mehnat organiga yuboriladi. Arizani ko‘rib chiqish muddati kelib tushgan kundan boshlab bir kun.

So‘ngra ishsiz fuqaro o‘n kun ichida mahalliy mehnat organiga yoki mahalliy mehnat organi xodimi huzuriga maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun borishi kerak.

Mahalliy mehnat organi ariza beruvchini ishsiz deb e’tirof etish va unga ishsizlik nafaqasini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi yoki uni ishsiz deb e’tirof etish rad etilganligi to‘g‘risida QR-kod qo‘yilgan xabarnomani ariza beruvchiga yuboradi.

"Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunning 45-moddasiga asosan quyidagilar ishsiz deb e’tirof etilishi mumkin emas:
  • taklif etilgan maqbul keladigan ishni ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uzrli sababsiz ikki marta rad etgan shaxslar;
  • mahalliy mehnat organiga maqbul keladigan ish yuzasidan taklif olish uchun ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uzrli sababsiz kelmagan shaxslar;
  • ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralgan holda tahsil olayotgan shaxslar, bundan ta’limning sirtqi shaklida tahsil olayotganlar;
  • shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq pensiya taminoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar (pensiya turidan qat’i nazar);
  • bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilayotgan, ishlamayotgan ayollar;
  • ishini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan, lekin mahalliy mehnat organlarida ro‘yxatdan otish paytida, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlarda ishlovchi yoki ularning shtatida hisobda turuvchi shaxslar;
  • sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoga hukm qilinganlar;
  • fermer xojaliklarining rahbarlari va xodimlari, oilaviy korxonalarning ishtirokchilari, dehqon xojaliklarining rahbarlari va a’zolari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar.

Chat